Allohga shirk keltirish

27.11.2017 Harom amallar 1858 0 3.0

Allohga shirk keltirish

Darhaqiqat, harom amallarning eng buyugi Allohga shirk keltirishdir. Abu Bakra roziyallohu anhu rivoyat qilgan xadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Eng katta gunoh haqida sizlarga xabar beraymi?” deb, uch marotaba aytdilar. Sahobalar: “Ha, xabar bering yo Rasululloh”, dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Allohga shirk keltirish…”, – dedilar (Muttafaqun alayh).

Alloh taolo shirkdan boshqa gunohlarni kechirishi mumkin, ammo shirkni kechirmaydi, unga alohida tavba qilish lozim: “Albatta Alloh O‘ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan bandalari uchun kechirur” [Niso: 48].

Islom dinidan chiqaradigan katta shirk amallar borki, uni qilgan kishi agar shu holatida vafot etsa do‘zaxda abadiy qoladi. Ko‘pgina musulmon shaharlarda tarqagan ana shunday shirk turlaridan biri qabrlarga sig‘inishdir.

Hojatlarni qondiradi va g‘am-tashvishlarni ketgizadi, degan e’tiqod bilan dunyodan ko‘z yumgan kishilardan yordam va madad so‘ramoq shirkdir. Alloh taolo shunday deydi: “Rabbingiz sizni faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingizga amr qildi” [Isro:23].

Shuningdek, o‘tib ketgan payg‘ambarlar, solih kishilar va ulardan boshqalardan shafoat istab yoki boshiga tushgan kulfatlardan xalos qilishni so‘rab duo qilish ham shirk amaldir. Alloh taolo dedi: “Yoki muztar-nochor odam duo-iltijo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (uning) mushkulini oson qiladigan hamda sizlarni Erning xalifa-egalari qiladigan zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?!” [Naml: 62].

Ba’zi odamlar tursa ham, o‘tirsa ham, qoqilsa ham biron bir pir yoki avliyoning ismini zikr qilishni o‘ziga odat qilib oladilar. Og‘ir ahvolga tushib qolsa yoki boshiga musibat tushsa, yo Muhammad, yo Ali, yo Husayn, yo Jiyloniy, yo Shozaliy, yo Bahouddin, yo Yassaviy va hokazo chinakam avliyo bo‘lgan yoxud bo‘lmagan kishilarning nomini tilga olib iltijo qiladilar. Alloh taolo shunday deydi: “Shubhasiz, Allohdan o‘zga sizlar iltijo qilayotgan “xudo”lar xuddi sizlarga o‘xshash bandadirlar. Bas, agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, sizlar ularni chaqiringlar va ular sizlarga javob qilsinlar-chi?!” [A’rof: 194].

Ba’zi qabrparastlar qabrlarni tavof qiladilar, ustun va burchaklarini silaydilar, yuzlarini surtib, ostonasini o‘padilar. Qabr oldida bo‘yinlarini egadilar, o‘zlarini xor tutib, tavoze bilan yolvorib o‘zlarining talab-istaklarini va hojatlarini so‘raydilar. Bemorlar dardlariga shifo tilasa, befarzandlar farzand tilagan, yana kimdir hojatini engillashini so‘raydi. Goho qabrda yotgan kishiga nola qilib: “Ey sayyidim, huzuringizga uzoq shahardan keldim, meni noumid qaytarmang” deb duo qiladilar. Alloh taolo aytadi: “Allohni qo‘yib, Qiyomat kunigacha ham (duoni) ijobat qila olmaydigan butlarga duo-iltijo qiladigan kimsadan ham adashganroq kim bor?! Holbuki ular o‘sha (mushriklarning) duolaridan g‘ofildurlar” [Ahqof:5].

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ham hadisi sharifda: “Kim Allohdan boshqaga duo qilib vafot etsa do‘zaxga kiradi”, deb xabar berganlar (Buxoriy rivoyati).

Ba’zi kishilar qabr oldida sochlarini qiradilar. Ularning qo‘llarida “Ziyorat qilish odoblari” nomli kitobchalari ham bo‘lib, bu bilan ular avliyolar qabrini ziyorat qilishni maqsad qiladilar. Odamlardan ayrimlari “Avliyolar koinotni boshqara oladilar, ular foyda va zarar berishga qodirlar”, deb e’tiqod qiladilar. Alloh azza va jalla aytadi: “Agar Alloh sizga biron ziyon etkazsa, uni faqat O‘zigina ketkaza olur. Agar sizga biron yaxshilik (etkazishni) iroda qilsa, Uning fazlu marhamatini qaytara olguvchi yo‘qdir…” [Yunus: 107].

Shuningdek, qabrdagi mayyitga atab sham va chiroqlarni nazr qiluvchilar kabi Allohdan boshqa uchun nazr qilish ham shirkning turlaridandir.

Katta shirk turlaridan yana biri Allohdan boshqasi uchun qurbonlik qilishdir. Alloh taolo deydi: “Rabbingiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” [Kavsar: 2].   Ya’ni qurbonlikni Alloh uchun va Allohning nomi bilan so‘ying.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislarida shunday deydilar: “Kim Allohdan boshqasi uchun qurbonlik qilsa unga Allohning la’nati bo‘lsin” (Muslim rivoyati).

Jonliq so‘yishlik gohida ikki harom amalni o‘zida jamlaydi: Allohdan o‘zgaga atab so‘yish va Allohdan boshqaning nomi bilan so‘yish.

Har ikki holatda ham bunday jonliqni iste’mol qilish haromdir. Keyingi davrda tarqalgan johiliy qurbonliklardan yana biri “jinlarga atab jonliq so‘yish”. Ba’zi odamlar hovli-joy sotib olsalar yoki imorat qursalar va yo quduq qazisalar, uning yonida yoki bo‘sag‘asida jinlarning zarar etkazishidan qo‘rqib, ularga atab qon chiqaradilar.

Alloh harom qilgan narsani halol qilish yoki Alloh halol qilgan narsani harom qilish                                                     

Darhaqiqat, biron narsani halol yoki haromga chiqarish yolg‘iz Allohning haqqidir. Shundan kelib chiqib, Allohdan boshqa biron kimsani bu narsaga xaqli deyish yoki Allohning shariatini chetga surib qo‘yib, johiliyat davriga oid, qosir inson aqlining mahsuli bo‘lgan hukm va qonunlarga o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lish va u bilan hukm yuritish va buni joiz deb e’tiqod qilish Allohga shirk keltirish hisoblanadi. Alloh azza va jalla buning katta kufr ekanini zikr qilib shunday degan: “Ular Allohni qo‘yib o‘zlarining olimlari va rohiblarini Rab qilib oldilar” [Tavba:31]. Adiy ibn Hotim Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan ushbu oyatni eshitgach: “Axir ular (ya’ni ahli kitoblar) olim va rohiblariga ibodat qilmas edilar” – dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “To‘g‘ri, lekin ularga Alloh harom qilgan narsani halol deyishsa, ular ham halol deyishar va Alloh halol qilgan narsani harom deyishsa, ular ham harom deyishardi. Mana shu ularning olim va rohiblariga ibodat qilishidir” – deb javob berdilar”[1].

Alloh taolo mushriklarni sifatlab shunday dedi: “Alloh va uning Rasuli harom degan narsani harom deb bilmaydilar, haq bo‘lgan islom diniga bo‘ysunmaydilar” [Tavba: 29].

Yana Alloh taolo aytadi: “Mushriklarga ayting, ey Muhammad: “Xabar beringizchi, ey odamlar, Alloh Sizlar uchun yaratgan rizqdan ayrimlarini harom, ayrimlarini halol qilib oldingiz”. Ayting, ey Muhammad: “Bunday qilishga Alloh sizlarga izn berdimi yoki Alloh sha’niga bo‘hton qilmoqdamisizlar?!” [Yunus: 59].

[1] Hasan, Bayhaqiy “Sunani kubro”da (10/116-bet, 20137-hadis) rivoyat qilgan.

Kalitli so'zlar ko'rsatilmagan...
Izohlarni faqatgina ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar qoldira olishadi.
[ Ro'yxatdan o'tish | Kirish ]
Savol-javob

Savol bering

Sizni qiziqtirayotgan diniy savol bo'lsa, marhamat bizdan so'rashingiz mumkin. Savolingizga qo'ldan kelgancha tez va aniq javob berishga harakat qilamiz.

Savol berish
Taqvim
«  Noyabr 2017  »
DuSeChPaJuShYa
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930
Statistika

Hozir saytda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0