Anbiyolar qissasi haqida

28.10.2017 Payg'ambarlar qissasi 807 0 0.0

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Muqaddima

Darhaqiqat, hamdu-sanoning barcha turi Allohga xosdir. Unga hamdu-sano aytamiz va Undan yordam so‘raymiz. Allohdan nafsimiz yomonliklari va yomon amallarimizdan panoh berishini so‘raymiz. Zero, Alloh hidoyatlagan kimsani adashtiruvchi, adashtirgan kimsani hidoyatlovchi yo‘qdir.

Yolg‘iz va sherigi bo‘lmagan Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekani va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Uning bandasi va rasuli ekaniga guvohlik beraman.

Albatta, payg‘ambarlar haqidagi qissalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nozil qilingan Qur’on yoki sunnatdan iborat vahiy orqaligina bilish mumkin bo‘lgan g‘ayb olamidir. Alloh taolo shunday deydi: “(Ey Muhammad), siz ular (ya’ni Bani Isroil qavmi) qay birlari Maryamni o‘z tarbiya kafolatiga olishlarini aniqlash maqsadida (Tavrotni yozadigan) qalamlarini tashlagan (ya’ni shu yo‘sinda qur’a ochgan) vaqtda ularning huzurida emas edingiz. (Shuningdek), ular (bu borada) o‘zaro tortishib qolishganlarida (ham) siz ularning huzurida emas edingiz. (Balki, bu xabarlarni faqat sizga nozil qilingan vahiy orqaligina bilishga muvaffaq bo‘ldingiz)” [Oli Imron: 44].

Alloh taolo shunday deydi: “(Ey Muhammad), anavi (Nuh va uning qavmining qissasi va shu kabi boshqa qissalar) Biz sizga vahiy qilgan g‘ayb xabarlaridandir. Bu qissalarni bundan ilgari (ya’ni Alloh sizga vahiy orqali ma’lum qilishidan oldin) siz ham, qavmingizdan biron kimsa ham bilmas edi. Shunday ekan, siz (qavmingiz tomonidan etgan aziyatlarga) sabr qiling, shubhasiz, yaxshi oqibat (dunyo va oxiratda) taqvodor bandalar uchun bo‘lur” [Hud: 49].

Alloh subhanahu va taolo yana shunday deydi: “(Ey Muhammad), bular Biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Ilgari bularni na siz va na qavmingiz bilar edingiz. Bas, (haq dinga da’vat qilishda kofirlarning etkazayotgan ozorlariga) sabr qiling. Albatta, oqibat — natija Allohdan qo‘rquvchi kishilarnikidir” [Hud: 49].

Alloh taolo shunday deydi: “(Ey Muhammad), Biz Musoga ishni (ya’ni payg‘ambarlikni) hukm qilgan paytda siz (Tur tog‘ining) g‘arb tomonida (Biz Muso bilan va’dalashgan joyda turgan) emas edingiz va guvohlardan ham bo‘lgan emas edingiz.   Lekin Biz (Muso zamonidan so‘ng ko‘p) asrlarni paydo qildik, bas ularga umr-zamon cho‘zilib ketdi (va ular Musoga yuborilgan hukmlarni unutib yubordilar. Shunda Biz hukmu farmonlarimizni odamlarga haqqi-rost etkazishingiz uchun sizni payg‘ambar qilib yubordik). Siz Madyan ahli orasida turguvchi ham, ularga Bizning oyatlarimizni tilovat qilguvchi ham bo‘lgan emasdingiz. Lekin Biz (sizni) payg‘ambar qilib yuborguvchi bo‘ldik. (Bas, siz Bizning vahiylarimiz vositasida Muso to‘g‘risida ham, Madyan shahrining ahli haqida ham xabardor bo‘ldingiz” [Qasas:   44-45].

Anbiyolar haqidagi qissalarni zikr qilishdan maqsad – kunlar, zamonlar va yillar davomida mo‘minlar uchun ibrat va namunalar taqdim etmoqlikdir. Toki, bu qissalar anbiyolarga ergashgan sodiq va muxlis izdoshlar uchun ma’naviy bir ozuqa bo‘lsin-u, ularning ruhlari bu ozuqaning sof sharobidan to‘yib sipqorsin, ularning qalblari va aqllari bu ozuqaga to‘yinsin. Oqibatda, bu qissalar ularning vujudida ezgulikka undovchi tuyg‘ularni uyg‘otsin, yaxshilik va taqvodorlik sari rag‘bat tug‘dirsin va solih amallar qilishga, shirin so‘zli bo‘lishga shavqu-zavq paydo qilsin.

Menimcha, bu mavzuda asar bitgan eng yaxshi inson – imom, alloma, hofiz va mohir muhaddis Imodiddin Ibn Kasir Dimashqiy rohimahulloh bo‘lib, bu borada o‘zining ajoyibotlarga boy asari bo‘lmish «Al-bidoya van-nihoya» kitobidan olingan «Anbiyolar qissalari» nomli maroqli asarini yozgan. Darhaqiqat, men ilgari asar matniga aniqlik kiritish, tadqiqot qilish, undagi hadislar va sahoba va tobeinlarning so‘zlarini taxrij qilib, sahih va zaif, sog‘lom va nochor rivoyatlar o‘rtasini ajratish orqali asarga o‘z e’tiborimni qaratgan edim. Ushbu tadqiqotdan shunday xulosaga keldimki, asar xaloyiqning eng ulug‘ martabali kishilari, Alloh taoloning alohida inoyati ostida tarbiya topgan, ularni O‘z qo‘li bilan parvarishlagan kishilardan iborat Allohning eng saralangan bandalarining xabarlariga noloyiq talay ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Shu bois, bunday ma’lumotlarni tushirib qoldirish va sahih rivoyatlar bilan cheklanishni ma’qul topdim. Zero, sahih rivoyatlarning o‘zida bu borada kifoya qiladigan ma’lumotlar bordir. Qolaversa, bunday rivoyatlarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbat berish joiz bo‘lmay, ularni «shunchaki qissa va xabarlar» degan da’vo ostida bu borada beparvolik qilish ham joiz emasdir. Sababi, ushbu qissalar iymonga oid hodisalar va g‘ayb olamiga oid voqealardan iboratdir.

G‘ayb masalasi iymon doirasidagi tayanch nuqtadir: “G‘aybga iymon keltirganlar…”. [Baqara: 3]; Shunday ekan, havodan so‘zlamaydigan, xatodan saqlangan zot – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ishonchli ravishda rivoyat qilinmagan narsani ushbu doiraga kiritish tasavvurda yo‘ldan ozish va harakat yo‘nalishidan chetga chiqish demakdir. To‘qima qissalar aqida, ibodat, axloq-odob, qadriyatlar, yurish-turish, tarbiya va siyosat haqida turli xil buzuq tushunchalarni o‘zida mujassam etadi. Bunday buzuq tushunchalar ummat orasida quruq xas-cho‘pga “o‘rmalagan” o‘t singari shiddat bilan tarqaladi, pirovardida, uning vujudini zaiflashtiradi, uning asos tamoyillariga shikast etkizadi, birdamligiga tafriqa solib, uning jips safiga tarqoqlik illatini kiritadi. Chunki bu kabi to‘qima qissalar musulmonlarga yovuzlik istagan kimsalar uchun hech  mehnat-mashaqqatsiz va aslo dushmanlikni oshkor qilmagan holda qo‘llaniladigan jimjimador bir vosita va musulmonlarni ichiga kirib borish uchun osongina o‘tish yo‘lidir.

Asardagi ilmiy uslubim quyidagidan iborat:

1-Qur’oni karim oyatlarini imom Ibn Kasir rohimahulloh qanday keltirgan bo‘lsa shundayligicha qoldirdim. Chunki Qur’on qissalarida takrorlash yo‘qdir. Qur’onning turli suralarida keltirilgan muayyan bir payg‘ambar qissasining har birida boshqasida mavjud bo‘lmagan ma’noga duch kelasiz.

Ushbu oyatlarning tafsiriga kelsak, bu boradagi sahih va ishonchli rivoyatlar bilan kifoyalandim. Faqat, gap yo‘nalishini to‘g‘rilash va maqsadni tushunish uchun zarurat tug‘ilgan hollardagina ayrim zaif rivoyatlarni qoldirdim.

2-Nabaviy hadislar va salafi solihlarning so‘zlaridan matn, roviylar shajarasi va e’tiborlilik jihatidan sahih bo‘lganlari bilan kifoyalandim. Asarda zaifligidan ogohlantirgan holda qoldirgan zaif rivoyatlarga kelsak, bunday rivoyatlarni, garchi mashhur va el og‘zida yurgan bo‘lsada, uning zaifligini bildirib qo‘yish maqsadida yoki gap yo‘nalishi usiz tushunarsiz bo‘lganligi uchun zikr qildim.

Isroiliyot (ya’ni, yahud va nasorolardan iborat ahli kitoblardan olingan) xabarlarga kelsak, bunday xabarlarning to‘g‘riligini kitob va sunnat yoki ulardan biri tasdiqlasa qabul qilinadi. Bunday xususiyatga ega bo‘lmagan boshqa isroiliyot xabarlaridan Alloh taolo O‘z fazli ila bizlarni behojat qildi.

3-Hadislarning roviylar shajarasini tushirib qoldirdim. Ulardan faqat hadisni rivoyat qilgan sahobiyni yoki gap yo‘nalishi to‘liq bo‘lishligi uchun zikr qilish zarur bo‘lgan kishilarnigina qoldirdim.

4-Qo‘shimcha ma’no mavjud bo‘lmagan takrorlangan rivoyatlarni tushirib qoldirdim.

5-Ulamolarning sobit asosga tayanmagan ixtiloflarini tushirib qoldirdim.

6-Imom Ibn Kasirning iborasini o‘z holicha saqlab qoldim. Zero, bu iboralar jozibali, engil va zavqli iboralardir. Gohida, gapni bir-biriga bog‘lash maqsadida ayrim jumlalarni qo‘shdim yoxud roviylar shajarasi sahih bo‘lmagan rivoyatdagi to‘g‘ri ma’noning qisqa xulosasini zikr qildim.

7-Asardagi qissalarda tushunishga yordam beradigan, maqsadni yodda tutishni osonlashtiradigan, ibratli va foydali o‘gitlarni yaqinlashtiradigan ikkinchi darajali kichik sarlavhalar qo‘ydim.

8-Asardagi mavzu va foydali o‘gitlarga oid tahliliy mundarija ishlab chiqdim.

Va nihoyat, asarni: «Anbiyolar qissalari asarining sahih (ya’ni, to‘g‘ri va ishonchli rivoyatlar)i», deya nomladim.

Muhtaram kitobxon birodar! Ushbu kamtarona ishimni e’tiboringizga havola etmoqdaman. Bu ishning manfaati sizniki, mas’uliyati esa menikidir. Mabodo, bu ishga yaxshi baho bersangiz, mening haqqimga duo qilishdan og‘rinmassiz, deb umid qilaman. Zero, mo‘min kishining o‘z birodariga qilgan g‘oyibona duosi mustajobdir. Aksincha, bu ishda biron kamchilik topsangiz uni isloh eting, biron ayb topsangiz uni yashiring yoxud biron nasihat tug‘ilsa nasihatingizni mendan darig‘ tutmang. Sababi, men dinimda menga manfaat keltiradigan va ayblarimni tuzatadigan biron narsa hadya qilgan kishining nasihatini bajonidil qabul qilaman.

Oliy va Ulug‘ zot bo‘lmish Alloh taolodan O‘zining haq diniga xizmat qilish, risolatning ulug‘ sha’nini himoya qilish yo‘lidagi ushbu kamtarona ishni qabul etishini, bu ishning savobini na molu-davlat va na bola-chaqa foyda bermaydigan, faqat Allohning huzuriga sog‘lom qalb ila kelgan kishiga qilgan solih amaligina foyda beradigan kun bo‘lmish – O‘ziga yo‘liqadigan kunga qadar asrab qo‘yishligini so‘rab qolaman.

Ushbu satrlarni qoralagan:

Abu Usoma

Salim ibn Iyd Al-Hiloliy As-Salafiy Al-Asariy

Kalitli so'zlar ko'rsatilmagan...
Izohlarni faqatgina ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar qoldira olishadi.
[ Ro'yxatdan o'tish | Kirish ]
Savol-javob

Savol bering

Sizni qiziqtirayotgan diniy savol bo'lsa, marhamat bizdan so'rashingiz mumkin. Savolingizga qo'ldan kelgancha tez va aniq javob berishga harakat qilamiz.

Savol berish
Taqvim
«  Oktabr 2017  »
DuSeChPaJuShYa
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031
Statistika

Hozir saytda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0