Ato ibn Abi Raboh

28.10.2017 Tobeinlar hayoti 1000 0 3.0

Muallif: Abdurrahmon Ra'fat Bosho
Tarjimon: Abu Turob

 


Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ato ibn Abi Raboh


“Ilm bilan Allohning Yuzini iroda qilgan ushbu uch kishidan boshqa birovni koʻrmadim, ular: Ato..., Tovus... va Mujohid”.

(Salama ibn Kuhayl)


Biz hozir hijratning toʻqson yettinchi yili, Zul-hijja oyidamiz. Roʻparamizda “Eski uy” atalmish “Ka'batulloh”... U har tarafdan kelgan ziyoratchilar bilan toʻlib toshgan. Ular piyoda-yu ulovda, yoshu qari, erkagu ayol, oq tanligu qora tanlik, arabu ajam, shohu gado... barchalari insonlarning Podshohi huzuriga, Undan qoʻrqib va umid qilib, chaqirigʻiga labbay, deb uzoq yaqindan kelganlar.
Mana bu esa musulmonlarning xalifasi Sulaymon ibn Abdulmalik dunyo podshohlarining buyuklaridan biri, qoʻl ostidagilari bilan bir xil, bosh kiyimsiz, yalang oyoq, egnida surpdan boʻlgan rido va izordan iborat ikki libosidan boshqa kiyimi yoʻq holda Baytullohni tavof qilmoqda. Yonida toʻlin oydek koʻrkam, kelishgan, atirguldek xushroʻy, xushboʻy ikki oʻgʻli hamroh. Tavofni tugatgach yordamchilaridan biriga qarab: “Sohibingiz qaerdalar?” dedi. U: “Namoz oʻqiyaptilar” deb, Masjid ul-Haromning gʻarb tarafiga ishora qildi. Xalifa ikki oʻgʻli bilan ishora qilingan tarafga yura boshlagan edi, uning xos qoʻriqchilari xalifaga yoʻlni ochib, tiqilinch mashaqqatidan uni xalos qilishga kirisha boshlashdi, Xalifa ularni qaytarib: “ Bu oʻrin shohu gado barobar boʻladigan yerdir... Bunda hech kim hech kimdan ortiq emas... Faqat muttaqinlar va amali qabul boʻlganlargina ortiqdirlar... Koʻpincha Allohning huzuriga sochi toʻzigan, ust-boshi chang bosgan holda kelgan oddiy odamdan, podshohlardan qabul qilinmagan amallar qabul qilinadi”, dedi va izlagan kishisi tarafga yoʻl oldi. U odam hali ham namozda qoim, ruku' va sajdalarda gʻarq edi. Odamlar u kishining orqa tarafida va oʻngu chapida kutib oʻtirishardi. Xalifa ham qatorga kelib oʻtirdi va ikki oʻgʻlini ham yoniga oʻtqazdi. Qurayshlik bu ikki yigit, Moʻ'minlarning amiri izlagan va oddiy xalq bilan bir qatorda uning namozdan forigʻ boʻlishini kutib oʻtirgan mana bu kishiga razm sola boshlashdi. Qarasalar u qora yuzli, jingalak sochli va yassi burun bir “habashiy” qariya ekan. Oʻtirganida uzoqdan qora qargʻaga oʻxshab koʻrinar edi. U namozdan forigʻ boʻlgach Xalifa oʻtirgan tarafga qarab oʻgirildi. Sulaymon ibn Abdulmalik unga salom berdi va haj amallari haqida soʻray boshladi. U salomga alik olgach, har bir soʻralgan mas'alaga birma-bir, toʻliq, biron qoʻshimcha qilishga oʻrin qoldirmay, soʻziga Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning hadislaridan dalillar keltirib javob berdi. Savollariga javob olgach, Xalifa minnatdorlik bildirib oʻgʻillari bilan Safo sari yoʻl oldi. Keta turib jarchilarning: “Ey musulmonlar, bu yerda Ato ibn Abi Raboh, u kishi boʻlmasalar Abdulloh ibn Abi Najihdan boshqa hech kim odamlarga fatvo bermasin” degan nidosini eshitgan oʻgʻillardan biri otasiga: “ Qanday endi bu jarchilar Ato ibn Abi Raboh va uning birodaridan boshqa hech kim fatvo bermasin deb buyurishadi va biz esa Xalifaga katta ahamiyat koʻrsatmagan va uni yetarlicha ulugʻlamagan boyagi kishidan fatvo soʻradik” dedi. Sulaymon ibn Abdulmalik oʻgʻliga: “Ey oʻgʻlim, sen koʻrgan va biz uning oldida oʻzimizni xor tutganimiz oʻsha kishi, Masjid ul-Haromdagi fatvo sohibi, Abdulloh ibn Abbosning bu ulugʻ mansabdagi merosxoʻri Ato ibn Abi Raboh boʻladilar” dedi. Soʻng soʻzida davom etib: “Ey oʻgʻillarim, ilm oʻrganinglar! Ilm bilan past darajali odam yuqori darajalarga erishadi, hech kim tanimagan kishi esa mashhurlikga yetadi, qullar shohlar martabasiga koʻtariladi”.
Oʻgʻillariga aytgan soʻzida Sulaymon ibn Abdulmalik mubolagʻa qilmagan edi. Darhaqiqat Ato ibn Abi Raboh yoshligida Makkalik bir ayolning quli edi. Lekin shunday boʻlsada Alloh taolo Oʻz lutfi karami ila “habashiy” bu bolaga yoshlik chogʻidanoq qadamini ilm yoʻlida bosish ne'matini ato qildi. Ato vaqtini uch qismga taqsimlagan edi: Bir qismini Makkalik ayol xojasiga ajratgan, unda uning xaqqini mukammal ado etib, unga chiroyli xizmat qilar edi. Bir qismini esa Parvardigoriga ajratib, unda Alloh azza va jallaga xolis ibodat qilish bilan mashgʻul boʻlardi. Yana bir qismini ilm talabiga ajratgan edi. Bunda u Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning hayot boʻlgan sahobalariga bogʻlanib, ularning sof ilm buloqlaridan qonib-qonib simirar edi. U ilmni Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Zubayr va boshqa sahobai kiromlardan – barchalaridan Alloh rozi boʻlsin – tahsil olib, qalbini ilm, fiqh va Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdan boʻlgan rivoyat bilan toʻldirdi.
Makkalik xojasi gʻulomi oʻz jonini Allohning yoʻliga tikkani va hayotini ilm talabiga baxshida etganini koʻrgach, shoyad Alloh bu bola bilan Islom va musulmonlarga manfaat yetkazar degan umidda, oʻz haqqidan voz kechib, Alloh yoʻlida gʻulomini ozod qilib yubordi. Ana shu kundan boshlab Ato ibn Abi Raboh Baytul-Haromni, oʻzi uchun tunaydigan makon, ta'lim oladigan madrasa, taqvo va toat bilan Allohga yaqin boʻladigan namozgoh qilib oldi. Tarixshunoslar aytadilar: “Masjidul-Harom Ato ibn Abi Rabohga 20 yil mobaynida turar joy boʻldi”.
Darhaqiqat ulugʻ tobein Ato ibn Abi Raboh ilmda eng yuqori manzilatga yetib, oʻz asrining oz kishilargina erishgan martabaga koʻtarildi. Rivoyat qilinishicha Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Umra qilgani Makkaga kelganlarida, odamlar savol va fatvolar soʻrab huzurlariga kelishdi, shunda ulugʻ sahoba: “Ey ahli Makka, men sizlarga hayronman, orangizda Ato ibn Abi Rabohdek kishi boʻla turib, savolingizni menga toʻplab oʻtiribsizmi? degan ekanlar, roziyallohu anhumo.
Din va ilmdagi bunday darajaga Ato ibn Abi Raboh ikki xislat bilan erishdi: Birinchi xislat: u nafsiga hokim boʻla oldi. Foydasiz narsalardan lazzatlanish uchun nafsiga yoʻl qoʻymadi. Ikkinchi xislat: u vaqtiga hokim boʻla oldi. Ortiqcha gap-soʻz va ishlarga vaqtini ketkazmadi. Muhammad ibn Suqa oʻzining ziyoratiga kelgan bir jamoatga quyidagilarni aytib bergan: “Xuddi menga foyda berganidek, shoyad sizlarga ham foyda beradigan bir soʻzni aytib beraymi? Ular: “Aytib bering” dedilar. Shunda u: “Kunlarning birida Ato ibn Abi Raboh menga nasihat qilib shunday dedi: “Ey jiyan, bizlardan avvalgilar ortiqcha gap-soʻzlarni yomon koʻrishar edi”. Men dedim: “Ularning nazdidagi ortiqcha soʻzlar nimalardan iborat edi?”. U: “ Ular Alloh azza va jallaning Kalomini tilovat qilish va uni tushunish, Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish va uni fahmlash, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish, Alloh taologa yaqinlashtiradigan ilm talab qilish va hayot uchun zarur boʻlgan soʻzlardan boshqa barcha soʻzlarni ortiqcha sanardilar”, soʻng menga tikilib: “ Holbuki shak-shubhasiz sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turuvchi ulugʻ (farishta)lar bordir”(oyat)ini va har biringizda ikki farishta, ”... oʻng va chap (tomon)da oʻtirgan ikki qabul qiluvchi (yozib turuvchi farishta insonning aytgan va qilgan barcha yaxshi-yomon soʻz-amallarini) qabul qilib-yozib turarlar. U (inson) biron soʻzni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa), uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi (farishta u soʻzni yozib olur) oyatini inkor qilasizmi? dedi va “Qiyomat maydonida sahifalar tarqatilganda, birortamiz oʻz sahifasidagi soʻz-amallarning aksari na diniga va na dunyosiga taalluqli boʻlmagan soʻz-amallar boʻlishidan uyalmaydimi?” deb, nasihat qilgan edi -rohimahulloh.
Alloh azza va jalla Ato ibn Abi Rabohning ilmini har turli insonlarga manfaatli qildi: ahli ilmlar, hunarmandlar va boshqa koʻpgina insonlar uning ilmidan foydalandilar. Abu Hanifa rohimahulloh oʻzlari haqida shunday hikoya qiladilar: “ Makkada haj amallarini bajarish asnosida besh oʻrinda xato qilgan edim, bir sartarosh xatolarimni tuzatib qoʻydi. Ehromdan chiqish uchun soch oldirgani sartaroshga kelib: “sochimni necha pulga olib qoʻyasiz” degan edim, U: “Hidoyat topgur, ibodatda shartlashilmaydi, oʻtir, qancha bersang beraverasan” dedi. Xijolat boʻlib oʻtirdim, oʻtirganda ham qiblaga orqa qilib oʻtirgan ekanman, qiblaga yuzlanishimga ishora qildi. Xijolatimga xijolat qoʻshilib qiblaga yuzlandim. Ustiga ustak, sochimni qirishi uchun boshimning chap tarafini tutibman. “Oʻng tarafini tut” dedi. Oʻng tarafini tutdim. Sochimni qira boshladi. Men undan ajablanganimcha jim oʻtirgan edim. “Nega jim oʻtiribsan, takbir ayt” dedi. Takbir ayta boshladim. Sochimni olib boʻlgach, oʻrnimdan turib ketayotgan edim, “Qaerga ketyapsan” dedi. Joylashgan joyimga ketyapman, dedim. “Avval ikki rak'at namoz oʻqib ol, keyin qaerga ketsang ketaverasan” dedi. Ikki rak'at namoz oʻqigach, oʻzimga-oʻzim: “Bu odam oddiy sartaroshga oʻxshamaydi, ahli ilmlardan boʻlsa kerak” dedim-da: “Bu narsalarni qaerdan bilasiz?” deb soʻradim. U: “Ato ibn Abi Rabohning shunday qilganini koʻrganman, undan oʻrganib, odamlarni ham shunga yoʻllayman” dedi.
Dunyo Ato ibn Abi Rabohga boqdi, ammo u dunyoga boqmadi, unga parvo ham qilmadi, balki undan yuz oʻgirdi. Butun umrini qiymati besh dirhamdan oshmaydigan libos bilan oʻtkazdi. Xalifalar uni oʻzlari bilan birga boʻlish uchun saroyga chaqirishganda, ularning dunyolari sabab oʻzinig diniga putur yetib qolishidan qoʻrqib, chaqiriqlariga ijobat qilmadi. Faqat musulmonlarga foyda yoki Islomga yaxshilik boʻladigan boʻlsagina xalifalar oldiga borardi. Usmon ibn Ato al-Xurosoniy hikoya qilgan voqea ana shulardan biridir: “Otam bilan birga xalifa Hishom ibn Abdulmalikning huzuriga ketayotgan edik. Damashqqa yetishimizga ozgina qolganda qora eshak minib kelayotgan bir qariyaga roʻbaroʻ keldik. Qariyaning engnida gʻaliz bir koʻylak, eski toʻn va boshini qoplab turgan eski telpak, eshagining egari ham yogʻochdan qilingan... Men bundan kulib, otamga: “Kim bu? ” dedim. Otam: “ Jim boʻl! Axir bu zot Hijoz fuqaholarining sayyidi Ato ibn Abi Raboh boʻladilar,” dedi. Qariya yaqinlashgach, otam hachiridan u kishi eshagidan tushib quchoqlashib koʻrishdilar, hol-ahvol soʻrashgach yana ulovlarga minib yoʻlda davom etdik. Xalifaning qasri eshigi oldiga kelib, izn boʻlguncha kutib turish uchun oʻtirib ulgurmagandilar hamki, kirishga izn berildi, otam bilan qariya kirib ketishdi. Qaytib chiqishganida, otamdan nima gaplar boʻlganini aytib berishini soʻradim. Otam dedi: “Xalifa Hishom Ato ibn Abi Raboh kirishga izn soʻrayotganini eshitib, darhol izn berdi — Allohga qasamki uning sababidangina men ham kira oldim. Xalifa Ato ibn Abi Rabohga peshvoz chiqib: “Xush kelibdilar, xush kelibdilar, qani bu yerga marhamat qilsinlar” deb, oʻzining kursisiga oʻtqazdi va oʻzi ham tizzasini uning tizzasiga tekkizib oʻtirdi. Saroyda hurmatli kishilar gaplashib oʻtirishgan ekan, hammalari jim boʻlib sukut qilishdi. Hishom Ato ibn Abi Rabohga yuzlanib: “ Buyuring, ey Abu Muhammad, bizdan nima xizmat” dedi. Ato ibn Abi Raboh: “Ey moʻminlarning amiri, ikki Haram ahli... Allohning ahli hamda Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning qoʻshnisi. Ularga berilajak ulushlarini taqsimlab bersangiz. Xalifa: “Hoʻp boʻladi... Ey kotib yoz, Makka va Madina ahlining bir yillik ulushlari berilsin”. Bundan boshqa hojatingiz ham bormi, ey Abu Muhammad, buyuring, dedi. Ato ibn Abi Raboh: “Ha, ey Amirul-moʻ'minin. Hijoz va Najd ahli arablarning asli hamda Islomning yetakchilari... Sadaqotlarining ortigʻi oʻzlariga qaytarilsa”. Xalifa: “Hoʻp boʻladi... Ey kotib yoz, sadaqotlarining ortigʻi oʻzlariga qaytarilsin! Yana hojatingiz bormi, ey Abu Muhammad, buyuring,” dedi. Ato ibn Abi Raboh: “Ha bor, ey Moʻ'minlarning amiri... Chegarada turuvchilar dushmanga birinchi roʻbaroʻ keladilar, musulmolarga yomonlikni qasd qilganlarga qarshi urushadilar, shuning uchun ularga ulushlarini moʻl qilib berilsa, chunki ular yaxshi ta'minlanmasalar, chegara zoe boʻladi”. Xalifa: “Hoʻp boʻladi... Ey kotib yoz, chegarada turganlarga ulushlari moʻl qilib yetkazilsin!”. Buyuring, ey Abu Muhammad, yana hojatingiz bormi?. Ato ibn Abi Raboh: “Ha, ey Amirul-moʻ'minin... Zimmiylarga toqatlaridan ortigʻi yuklanmasa, chunki ulardan olinadigan jizya dushmaningizga qarshi sizlarga yordam boʻladi”. Xalifa: “Hoʻp boʻladi... ey kotib yoz, Zimmiylarga toqatlaridan ortigʻi yuklanmasin! Yana xojatingiz bormi, ey Abu Muhammad, buyuring!” dedi. Ato ibn Abi Raboh: “Ha bor, ey Moʻminlarning amiri”: “Oʻz haqqingizda Allohdan taqvo qiling! Shuni biling-ki, siz yolgʻiz yaratilganingizdek, yolgʻiz vafot etasiz, yolgʻiz qayta tirilasiz va yolgʻiz hisob qilinasiz. Atrofingizdagilarning birontasi siz bilan birga boʻlmaydi”. Hishom bu gaplarni eshitib yigʻlab, boshini ham qilgancha qoldi, Ato ibn Abi Raboh turib chiqib ketdilar, men ham orqalaridan ergashdim. Eshik oldiga yaqinlashganimizda, bir kishi hamyon koʻtarib kelib: “Amir ul-moʻminin buni sizga berib yubordilar” dedi. Ato ibn Abi Raboh: “Hayhot! “ Men sizlardan bu (da'vatim) uchun ajr-mukofot soʻramayman. Mening ajr-mukofotim faqat barcha olamlarning Parvardigori Allohning zimmasidadir”, dedi.
Allohga qasamki, Ato ibn Abi Raboh Xalifaning oldiga kirib, bir qultum suv ham ichmay qaytib chiqdi.
Ato ibn Abi Raboh uzoq umr koʻrdi, yoshi yuzga yetdi. Bu uzun umrini ilm va amal, yaxshilik va taqvo bilan toʻldirdi. Odamlar qoʻlidagi narsalardan behojatlik va Alloh huzuridagi narsalarga umid qilish bilan umrini pok tutdi. Oʻlim Atoni dunyo yuklaridan yengil, oxirat ozuqasida ogʻir holda topdi. Bunga qoʻshimcha: yetmish marta haj qilgan, bu degani yetmish marta Arafotda turib, Alloh taoloning roziligi va jannatni soʻrab, hamda Allohning gʻazabi va doʻzaxdan panoh istab duo qilgan...

Alloh uni oʻz rahmatiga olsin.

Kalitli so'zlar ko'rsatilmagan...
Izohlarni faqatgina ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar qoldira olishadi.
[ Ro'yxatdan o'tish | Kirish ]
Savol-javob

Savol bering

Sizni qiziqtirayotgan diniy savol bo'lsa, marhamat bizdan so'rashingiz mumkin. Savolingizga qo'ldan kelgancha tez va aniq javob berishga harakat qilamiz.

Savol berish
Taqvim
«  Oktabr 2017  »
DuSeChPaJuShYa
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031
Statistika

Hozir saytda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0