Harom amallar: muqaddima

27.10.2017 Harom amallar 1426 0 0.0

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Muqaddima

Barcha hamdu sanolar Allohga xosdir. Biz Unga hamd va istig‘for aytamiz, Undan yordam so‘raymiz, nafsimizning shumligidan va amallarimizning yomonligidan Uning O‘zidan panoh so‘raymiz. Alloh hidoyat qilgan kimsani adashtiruvchi, adashtirgan kimsani hidoyat qiluvchi yo‘qdir. Men yagona, sheriksiz Allohdan o‘zga haq iloh yo‘q va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Uning bandasi va elchisidir, deb guvohlik beraman.

Darhaqiqat, Alloh azza va jalla farz amallarni vazifa qilib belgilab qo‘ydi, ularni tark qilish mumkin emas. Hududlarni chegaralab qo‘ydi, ularni hatlab o‘tish joiz emas. Ba’zi narsalarni harom qildi, ularga rioya qilmaslik mumkin emas. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytganlar: “Alloh Kitobida nimani halol qilgan bo‘lsa, u haloldir, nimani harom qilgan bo‘lsa, bas u haromdir. Nimadan sukut qilgan bo‘lsa, u iltifotdir. Allohdan iltifotini qabul qilinglar, chunki Alloh unutuvchi emas. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Parvardigoringiz unutuvchi emas” oyatini o‘qidilar”. (Hokim)

Harom qilingan amal va narsalar Allohning chegaralaridir: “Kim Allohning chegaralari (ya’ni halol-harom ahkomlari)ni (tashlab boshqasiga) o‘tsa (unga amal qilmasa), aniqki u o‘ziga zulm qilibdi” (Taloq: 1).

 Allohning chegaralarini buzib o‘tgan hamda harom qilingan amal va narsalarga rioya qilmaganlarga Alloh azza va jalla tahdid qilib shunday deydi: “Kim Alloh va Uning Payg‘ambariga itoatsizlik qilib Alloh belgilab qo‘ygan hadlardan chiqsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur va uning uchun xor qiluvchi azob bordir” (Niso: 14).

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning ushbu so‘zlariga ko‘ra haromlardan saqlanish farzdir: “Sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsam, undan albatta saqlaninglar va nimaga buyurgan bo‘lsam, uni qodir bo‘lganingizcha qilinglar”. (Muslim)

Ba’zi havoyi nafsiga ergashgan, zaif va nodon kimsalar, harom narsalar haqida gap ketsa, achchig‘i chiqib, norozi holda: “Sizlarga qolsa hamma narsa harom. Din engil bo‘lsa, ozgina bemalol qo‘yish kerak! Hayotimizni zerikarli qilib yubordinglar-ku?! Alloh Kechiruvchi va Rahmlidir”, deydilar.

Biz ularga aytamiz: “Alloh taolo xohlaganini hukm qiladi. Uning hukmini ta’qib qiluvchi yo‘q. Alloh hikmat sohibi, har narsadan ogohdir. Alloh O‘zi xohlagan narsani halol, xohlaganini harom qiladi. Bizning bandaligimiz taqozo qilgan ish, Alloh taoloning hukmiga rozi bo‘lib, so‘zsiz taslim bo‘lishdir.

Alloh taoloning hukmlari behuda, o‘yin va hazil uchun emas, balki Uning ilmi, hikmati va adolatidan kelib chiqib sodir bo‘luvchidir. Alloh taolo dedi: “Parvardigoringizning so‘zlari sidqu adolatda komil bo‘ldi. Uning So‘zlarini o‘zgartirguvchi yo‘qdir. U eshituvchi, biluvchidir” (An’om: 115).

Alloh taolo halol va harom bobidagi tayanch qoidani bizlarga bayon qilib bunday deydi: “…ularga pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni harom qiladi” (A’rof:157). Demak, halol narsalardan maqsad “pok narsalar” va harom narsalardan maqsad esa “nopok narsalar” ekan.

Halol yoki harom qilish yolg‘iz Allohning haqqidir. Kim bu haqni o‘zi yoki boshqa kimsa uchun da’vo qilsa, u islomdan chiqib, kofir bo‘ladi: “Balki ular uchun (kufr va shirk kabi) Alloh buyurmagan narsalarni — “din”ni ularga shariat qilib bergan sheriklari — butlari bordir?!” (Sho‘ro: 21).

Kitob va sunnatni yaxshi tushungan shariat olimlaridan boshqa biron kimsaning halol va harom masalasida gapirishi joiz emas. Ilmsiz “bu halol, bu harom” deguvchilar uchun qattiq tahdidlar kelgan: “Alloh sha’niga yolg‘on to‘qish uchun (ya’ni, Alloh buyurmagan hukmlarni Allohniki deyish uchun) tillaringizga kelgan yolg‘onni gapirib: “Bu halol, bu harom”, deyavermanglar! Chunki Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsalar hech najot topmaslar”  (Nahl: 116).

Zero, qat’iy harom qilingan narsalar Qur’on va sunnatda zikr qilingan: “Ayting: “Kelinglar, Parvardigoringiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beray: U zotga biron narsani sherik qilmangiz, ota-onaga yaxshilik qilingiz va bolalaringizni kambag‘allikdan (qo‘rqib) o‘ldirmangiz…” (An’om: 151).

Shuningdek, hadislarda ham harom narsalar zikr qilingan, jumladan: “Alloh taolo mast qiluvchi ichimlik, o‘laksa, to‘ng‘iz va butlarning savdosini harom qildi” (Abu Dovud).

“Alloh biror narsani harom qilsa, uning pulini ham harom qilgan”  (Doraqutniy)

 Qur’onda harom narsalarning alohida turlari ham zikr qilingan. Masalan, unda harom taomlar haqida shunday deyiladi: “Sizlarga o‘laksa, (oqar) qon, to‘ng‘iz go‘shti, Allohdan boshqaga atab so‘yilgan jonliq, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, baland joydan qulab o‘lgan va boshqa biron hayvon bilan suzishib o‘lgan hayvonlar… harom qilindi” (Moida: 3).

Qur’onda nikohlanish harom qilingan mahram ayollar haqida esa shunday deyiladi: “Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz – mana shu sanab o‘tilgan ayollarga uylanish harom qilindi” (Niso:23).

Harom kasblar haqidagi oyat: “Alloh oldi-sotdini halol, sudxo‘rlikni esa harom qildi” (Baqara:275).

Alloh taolo bandalarga mehribon Zot bo‘lganidan, cheksiz va turli noz-ne’matlarni ularga halol qilib berdi. Halol narsalar behisob va mo‘l-ko‘l bo‘lganidan bizlarga ularni mufassal bayon qilmadi. Balki bizlar ularni bilishimiz va saqlanishimiz uchun sanoqli bo‘lgan harom narsalarnigina mufassal bayon qildi: “Axir U sizlarga harom qilingan narsalarni mufassal bayon qilgan-ku, faqat muztar (majbur) bo‘lib qolgan holingizdagina (u narsalardan eyishingiz mumkin)” (An’om: 119).

Modomiki pok bo‘lar ekan, halol narsalarni umumiy suratda muboh qildi: “Ey odamlar, Erdagi halol-pok narsalardan englar va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir”. Baqara: 168.

Biron narsaning harom ekaniga dalil yo‘q ekan, uning aslida pok va muboh sanalishi Allohning rahmati, karami va bandalarga kengchiligidir. Allohning bu ne’mati uchun Unga hamdu sano aytib, toat-ibodat ila shukronalar qilish bizlarga vojibdir.

Ba’zi odamlarga harom narsalarni sanab, mufassal bayon qilinsa, shariat ahkomlaridan yuraklari siqilib qoladi. Bu ularning iymonlarining zaifligi va shariatni bilmasliklarining natijasidir. Ular Dinni oson ekaniga qanoat hosil qilishlari uchun, ularga halol narsalarning hamma turini sanab chiqilishini xohlaydilarmi? Yoki shariat ularning hayotlarini og‘ir qilmayotganiga qalblari taskin topishi uchun, pok narsalarning hamma turini hisoblab chiqilishini istaydilarmi?!

Shariatga muvofiq so‘yilgan tuya, sigir, qo‘y, quyon, kiyik, echki, tovuq, kaptar, o‘rdak, g‘oz va tuyaqush go‘shti hamda chigirtka va baliqning o‘limtigi ham haloldir. Ko‘katlar, poliz ekinlari, meva-chevalar, don-dunlar va boshqa foydali mahsulotlar haloldir. Suv, sut, asal, yog‘ va sirka haloldir.  Tuz, qalampir va ziravorlar haloldir. Yog‘och, temir, qum, tosh, elim, shisha va rezinalarni ishlatish haloldir.  Ot, tuya, mashina, poezd, kema va samolyotlarga minish haloldir. Konditsioner, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, tegirmon, xamir qoriydigan, go‘sht maydalaydigan uskunalar, juvoz va bulardan boshqa tabobat uskunalari, muhandislik, matematika, falakiyot va me’morlik asbob-uskunalari, rasadxona, suv, neft va gaz kabi er osti boyliklarini qazib chiqarish, selektsiyachilik, labaratoriya, bosmaxona va pul almashtirish uskunalari haloldir…  Paxta va jundan to‘qilgan gazmollar, duxoba, paxmoq, muboh terilar, neylon va politilen haloldir… Nikoh, savdo-sotiq, kafolat, havola (ya’ni qarzni bir zimmadan boshqa zimmaga o‘tishi), ijara, kasb-hunarlar: duradgorlik, temirchilik, ustachilik va cho‘ponlik haloldir.   Ko‘rib turganingizdek, halol narsalarni sanab adog‘iga etib bo‘lmaydi.

Ammo ayrim kimsalar “din engildir” deya, haq so‘zni botil maqsadda foydalanmoqchi bo‘ladilar. Negaki, dinimizdagi engillik tushunchasi, odamlarning havoyi-nafsi va ularning ko‘z-qarashlariga ko‘ra emas, balki shariat ko‘rsatmalariga binoan belgilanadi. Din engildir degan hujjatni ushlab olib haromga e’tibor bermaslik bilan shariat ruxsat bergan engilliklardan foydalanish o‘rtasida farq bor. Zero, safarda namozni qasr o‘qish va jamlash, ro‘za tutmaslik yoki muqim odam bir kun, musofir esa uch kun mahsiga mash tortishi, suv topilmagan yoki uni ishlatish imkonsiz bo‘lganida tayammum qilish, kasallik yoki yomg‘ir yoqqan paytda namozni jamlash, uylanmoqchi bo‘lgan ayolga qarashning joizligi, qasamini buzgan kishi kafforatiga qul ozod qilish, miskinlarga taom edirish yoki ularga kiyim kiydirishdan birini ixtiyor qilishi, majbur qolgan holatda o‘laksa eyish va undan boshqa shariat ruxsat bergan ishlar dinimizdagi engilliklar hisoblanadi.

Shuningdek, musulmonlar har qanday harom qilingan ish yoki narsalarda Allohning bir qancha hikmatlari bor ekanini bilishlari lozim. Jumladan, harom narsalar bilan Alloh taolo bandalarni imtihon qilib, ularni qanday amal qilishlariga qaraydi. Jannat ahlining do‘zax ahlidan ajralish tomoni ham shunda: ahli do‘zaxlar, do‘zaxga eltuvchi shahvatlarga sho‘ng‘ib ketadilar, jannat ahli esa, jannat yo‘lidagi mashaqqatlarga sabr qiladilar. Agar bu imtihon bo‘lmaganida, gunohkorni itoatkordan ajratib bo‘lmas edi. Iymon ahli buyruq va qaytariqlar mashaqqatiga sabr qilish orqali ajru savob olish, Allohning amrini bajarish bilan Uning rizosiga erishishni maqsad qiladilar. Shuning uchun mashaqqatlar ularga engil bo‘ladi. Nifoq ahli esa buyruq va qaytariqlar mashaqqatini, shunchaki jonni qiynash, dunyo lazzatlaridan o‘zini mahrum qilish deb o‘ylaydilar. Shuning uchun bu mashaqqatlar ularga og‘ir va toat-ibodatlar qiyin tuyuladi.

Harom narsalarni tark qilish bilan itoatkor mo‘min halovat topadi. Zero, kim biror narsani Alloh uchun tark qilsa, Alloh bu narsaning o‘rniga undan ham yaxshisini beradi. Shuningdek, mo‘min kishi qalbida iymon lazzatini his qilib, bundan rohatlanadi.

Muhtaram o‘quvchilarimiz ushbu kitobda Qur’on va sunnat asosida haromligi bayon qilingan, shariatda haromligi sobit bo‘lgan bir qancha harom amallarning bayonini topadilar.

Harom narsalar yoki ularning ba’zi turlari haqida o‘tgan ulamolar bir qancha kitoblar yozishgan.  Imom Zahabiyning “Al-kaboir” (katta gunohlar) va Ibn Nuhos Dimashqiyning “Johillar amallaridan g‘ofillarni ogohlantirish” kabi kitoblari shular jumlasidandir. Afsuski, harom amallarni qilish, harom narsalarga qo‘l urish bugungi kunda musulmonlar orasida keng avj olgan. Bularni eslatishdan maqsadim musulmonlarga harom amallarni bayon qilish va shu tariqa ularga nasihat ulashishdir. Alloh taolodan o‘zim va barcha musulmon birodarlarim uchun hidoyat va tavfiq so‘rab qolaman. Alloh taolo barchamizga O‘zining xududlaridan o‘tmaslikni, harom narsalardan saqlanishni va gunohlardan poklanishni nasib etsin! “Zotan, Alloh eng yaxshi saqlaguvchidir va U Zot mehribonlarning mehribonrog‘idir”.

Kalitli so'zlar ko'rsatilmagan...
Izohlarni faqatgina ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar qoldira olishadi.
[ Ro'yxatdan o'tish | Kirish ]
Savol-javob

Savol bering

Sizni qiziqtirayotgan diniy savol bo'lsa, marhamat bizdan so'rashingiz mumkin. Savolingizga qo'ldan kelgancha tez va aniq javob berishga harakat qilamiz.

Savol berish
Taqvim
«  Oktabr 2017  »
DuSeChPaJuShYa
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031
Statistika

Hozir saytda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0