Zinniyra va uning xojasi

28.10.2017 Qaytar dunyo 742 0 0.0

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Zinniyra va uning xojasi

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam risolatni olib kelgan, insonlar birin-ketin islom diniga kirib, iymon lazzatini totib, johiliyat razilliklaridan asta-sekin qutulib, qalblari iymon nuri bilan sug‘orilayotgan paytlar edi. Tabiiyki, bu holat kofirlarga yoqmas, musulmonlar ozligi va zaifligi sababli kofirlar islom ne’matiga musharraf bo‘lgan kishilarni azoblar va bundan hech ham charchamas edilar. Hikoyamiz qahramoni ham bunday mashaqqat va qiyinchiliklardan benasib qolmadi. U Allohga bo‘lgan ishonch-iymoni va sabr-matonati bilan manaman degan erkaklarga ibrat bo‘la oladigan sahobiya ayollardan biri edi. Biz uning hayotidan birgina lavha keltirmoqchi bo‘lgan, unchalik mashhur bo‘lmagan bu ayolning ismi Zinniyra roziyallohu anhodir. U qurayshlik bir ayolning cho‘risi edi. Uning islomga kirganidan xabar topgan bu ayol, shu ondan e’tiboran Zinniyraga azob bera boshladi. Xojasi unga kechani kecha, kunduzni kunduz demay azob berar, azoblab charchasa qo‘ni-qo‘shnilarni chaqirar, ular ham Zinniyraning boshiga urib qiynoqqa solar edilar. Bu holat Zinniyra ko‘r bo‘lib qolgunigacha davom etdi. Bir kuni sillasi qurigan Zinniyra xojasidan suv va taom so‘radi. Mushrika ayol suv va taomni undan uzoqroqqa qo‘ydida: “Ana oldingda turibdi, o‘zing olib, eb-ichaver” – dedi va ortidan: “Ey Zinniyra, sen haq deb o‘ylayotgan Rabbingdan ko‘zlaringni qaytarib berishini so‘ramaysanmi, shunda oldingdagi taomni ham ko‘rar eding” – deya uni masxaraladi. Shu on Zinniyra qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib: “Ey Rabbim, menga ko‘zlarimni qaytarib ber” – deb duo qildi. Banogoh u ko‘ra boshladi, Alloh taolo uning ko‘zlarini qaytarib berdi. Oradan ko‘p o‘tmay Abu Bakr roziyallohu anhu uni sotib olib, Alloh yo‘lida ozod qildi. Uning xojasi bo‘lmish mushrika ayolga Alloh taolo shunday dard berdiki, uning boshi muttasil og‘rir, og‘riqdan chida olmay tinimsiz qichqirar edi. Ahvol shu darajaga borib ettiki, u atrofidagilardan boshiga oyoq kiyimlar bilan urishlarini talab qilar va odamlar ham dardiga davo bo‘larmikin deya, uning istagini bajo keltirar edilar. Oxir-oqibat, bu mushrika ayolning ko‘zi ko‘r bo‘lib, xoru zor holatda dunyodan ko‘z yumdi. Alloh taolo o‘zining do‘stlari uchun dushmanlaridan ana shunday intiqom oladi. Ha, qaytar dunyo deganlari shu bo‘lsa kerak!

Kalitli so'zlar ko'rsatilmagan...
Izohlarni faqatgina ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar qoldira olishadi.
[ Ro'yxatdan o'tish | Kirish ]
Savol-javob

Savol bering

Sizni qiziqtirayotgan diniy savol bo'lsa, marhamat bizdan so'rashingiz mumkin. Savolingizga qo'ldan kelgancha tez va aniq javob berishga harakat qilamiz.

Savol berish
Taqvim
«  Oktabr 2017  »
DuSeChPaJuShYa
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031
Statistika

Hozir saytda: 1
Mehmonlar: 1
Foydalanuvchilar: 0